(Go: >> BACK << -|- >> HOME <<)

O‘zbekcha Vikipediya maqolalari soni bir oyda 10 mingtaga ko‘paydi

O‘zbekcha Vikipediya logotipi

Vikipedianing o‘zbek tilidagi bo‘limi maqolalari soni 5-iyul kuni 20 mingga yetdi. 20 minginchi maqola Meteorologiya haqida bo‘ldi. O‘zbekcha Vikipediyadagi maqolalar soni bundan roppa-rosa bir oy avval – 5-iyun kuni 10 mingdan oshgan edi. Ushbu xabar yozilayotgan vaqtda maqolalar soni 21 mingdan oshib ketgandi.

O‘zbekcha Vikipediya ma’muriyatning 20 minginchi maqola yozilishiga bag‘ishlab chiqargan press-reliziga ko‘ra, o‘tgan bir oy ichida onlayn-qomusning faol foydalanuvchilari “yanada faollashishgan”, “Vikipedia qanday ishlashini tushinishga yordam beruvchi sahifalar tayyorlangan, “Skype-konferensiya” ishga tushirilgan”.

Iyundan iyulgacha oraliqda yozilgan 10 ming maqoladan faqat 400ga yaqini O‘zbekcha Vikipediya mualliflari o‘z qo‘llari bilan yaratishgan, shuningdek, “mavjud [maqola]-larni yaxshilashda davom etishmoqda”. “Biroq achinarlisi shundaki, sahifalarimiz sonini asosan bot bilan oshirdik”, – deyiladi press-relizda. Bundan maqsad o‘zbekcha Vikipediyaga e’tibor qaratishdir.

O‘zbekcha Vikipediyaga O‘zbekiston hududidan kirishda hali ham ba’zi muammolar uchrab turadi. Xususan, sayt manzilini (uz.wikipedia.org) shunchaki terganda, odatda, provayderlar foydalanuvchini MSN.com sahifasiga yo‘naltirishadi. Agar saytga HTTPS protokoli orqali kirilsa (ya’ni, manzil qatoriga shunchaki uz.wikipedia.org deb yozmasdan, httpS://uz.wikipedia.org deb yozilsa) O‘zbekcha Vikipediya muammosiz ochiladi.

Vikipediya onlayn-ensiklopediyasiga 2001-yilda asos solingan bo‘lib, uning o‘zbek tilidagi bo‘limi o‘z faoliyatini 2003-yilda boshlagan. Faoliyatini o‘zbekcha Vikipediya bilan deyarli bir vaqtda yoki biroz oldinroq boshlagan boshqa tillardagi bo‘limlar, xususan, ingliz, nemis, fransuz, golland tillaridagi Vikipediyalardagi maqolalar soni bugungi kunda milliondan oshib ketgan. Ayni vaqtda ensiklopediyada jami 281 tilda 18 milliondan ortiq maqola bor.

© 2012 Kun.uz
O‘zMAA internet-OAV guvohnomasi №0695
Axborotdan foydalanganda “Kun.uz”ga manba ko‘rsatish shart.