(Go: >> BACK << -|- >> HOME <<)

“MTS-O‘zbekiston”ning litsenziyasi 10 kunga to‘xtatiladi

© Gazeta.uz

“MTS-O‘zbekiston”ning harakatlanuvchi radiotelefon (mobil) tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ishga tushirish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha litsenziyasi 10 kunga to‘xtatiladi. Bu haqda O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi buyruq chiqargan.

“MTS-O‘zbekiston”ning АА №0000682 seriyali litsenziyasi 17-iyul, seshanba kuni soat 18:00dan boshlab 10 ish kuniga to‘xtatiladi. O‘zAAA xabariga ko‘ra, bu buyruq O‘zbekiston Respublikasining “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi Qonunining 22-moddasiga asosan, nazoratchi organning yozma murojaatlarini bajarmay, bir necha marta va davomiy tarzda qo‘pol qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygani uchun chiqarilgan.

“Gazeta.uz” xabariga ko‘ra, “MTS-O‘zbekiston” marketing departamenti tarmoq ishi bo‘yicha ma’lumotni yaqin vaqt ichida ma’lum qiladi. Shuningdek, kompaniya abonentlarini SMS orqali ogohlantiradi.

Avvalroq “MTS-O‘zbekiston” ba’zi joylarda xizmat ko‘rsatish sifati vaqtincha pasayishi mumkinligi, bunga Davlat aloqa inspeksiyasining ko‘rsatmasiga asosan, 7-iyuldan kompaniyaning ba’zi uskunlari vaqtincha o‘chirilishi sabab bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.

Davlat aloqa inspeksiyasi “MTS-O‘zbekiston” mamlakatning turli hududlarida 256ta tayanch stansiyalaridan noqonuniy ravishda foydalanayotganini aniqlagan (dastlab bunday stansiyalar soni 48ta ekanligi aytilgan bo‘lsa, keyingi tekshiruvda qo‘shimcha 208ta stansiya aniqlangan).

© 2012 Kun.uz
O‘zMAA internet-OAV guvohnomasi №0695
Axborotdan foydalanganda “Kun.uz”ga manba ko‘rsatish shart.