(Go: >> BACK << -|- >> HOME <<)

Jump to content

Shirbudun saroyi

Ushbu maqola xushsifat maqolalar sarasiga kiradi.
From Vikipediya
Shirbudun saroyi

Shirbudun saroyining dastlabki Prokudin Gorskiy tomonidan olingan rangli suratlari. 1911-yil.
Muqobil nomlari Shirbudun saroyi
Shirbudun chorbogʻi
Umumiy maʼlumot
Maqomi tarixiy obida
Turi saroy
Manzili Shirbudun mahalla fuqarolar yigʻini
Shahar Buxoro
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan 1870-yil
Buzilgan sana taxm. 1930-yildan buzilish boshlangan
Texnik holati
Material pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch
Qavatlar soni 2
Dizayn va konstruksiya
Meʼmor Ibrohim Hafizov
Quruvchi Rahim Hayotov, Abdurasul
Shirbudun saroyi Vikiomborda

Shirbudun saroyi — Buxoro amirlarining siyosiy qarorgohlaridan biri. Saroy Buxoro amirligida hukmronlik qilgan Amir Muzaffarxon (1860–1885) va Amir Abdulahadxon (1885–1910) davrlarida qurib bitkazilgan[1][2].

1870-yillarda Shirbudun atrofida durezgar Abdurasul, ganchkor (gilkor) usta Rahim Hayotov va boshqa ustalar ishtirokida saroy, masjid, hovuz, tomoshagoh kabi binolar qurilgan. Bino tashqi koʻrinishida Eron va Yevropa arxitekturasi belgilarini mujassamlashtirgan[1]. Saroydan, asosan, elchilarni kutib olish, yarmarkalar va turli xil sayllar oʻtkazilishida foydalanib kelingan. 

Shirbudun saroyi Yevropa dizayniga xos mebellar hamda qandillari bilan ajralib turgan. Buxoro amiri Amir Abdulahadxon hukmronlik qilgan davrda majmua uchun qoʻshimcha xonalar va koʻngilochar zal qurilgan[2]. Saroy bugungi kunga qadar saqlanib qolmagan.

Etimologiyasi[edit | edit source]

Shirbudun soʻzi Sherbudin, Shirbadan tarzida talaffuz qilinib, bu soʻzlar maʼno jihatdan bir-biridan keskin farq qiladi. Shirbadan soʻzi fors tilida Shir — sut, badan — tana degan maʼnoni bildiradi. Shirbudun soʻzi esa shir xalqi yoki elati maʼnolarini anglatadi. Shir, chir, sir kabi nomlar qadimgi turkiy xalqlardan birining nomlanishi boʻlib, bu Sir budun, yaʼni „sir qavmi“, „sir xalqi“ maʼnolarida keladi[3].

Tarixi[edit | edit source]

Shirbudun saroyi Buxoro amirligida hukmronlik qilgan Amir Muzaffarxon (1860–1885) va Amir Abdulahadxon (1885–1910) davrida qurilgan. 1870-yillarida Shirbudunda ganchkor (gilkor) usta Rahim Hayotov, durezgar Abdurasul va boshqalar ishtirokida saroy, masjid, tomoshagoh kabi binolar qurilgan[1]. Saroy taxminan Buxoro registonidan 3 verst yoki 4 km uzoqlikda joylashgan boʻlib[1], u Yangi Buxoro yoʻlida baland devor bilan oʻrab olingan[4]. Amir Muzaffarxon saroyda nufuzli mehmonlar va elchilarni kutib olishdan tashqari toʻylar, xalq sayllari, turli tadbirlar oʻtkazib kelgan. Sayllarda 500 tagacha chodirlar qurilib, unda turli yarmarkalar oʻtkazilgan[5]. Tarjimon gazetasida keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, 1897-yil 9–15-mart kunlari saroy bogʻida bayram tashkil etilib, u turli tomosha va oʻyinlar bilan birga kechgan[6].

Buxoro amirligi saroyi tarixchisi Mirza Abdulazim Somiy „Mangʻit sultonlari tarixi yoki Buxoro xonligining inqirozi“ asarida shunday yozadi:

Qudratli amir (Buxoro amiri Amir Abdulahadxon) hijriy 1303-yilda (1885–1886) oʻz shuhratli otasining oʻrniga Buxoro amirligi taxtiga oʻltirib, ajdodlariga oʻxshab azamatlik va hukmronlik gilamida hamda mana oʻn yilga yaqin, hukmronlik qilmoqda. U vaqtining koʻp qismini Buxoroda, arkda, Shirbudin va Sitorai Mohi Xossa chorbogʻlarida oʻtkazadi[7].

Muhamad Ali Baljuvoniy „Tarixi Nofeyi“ asarida Buxoro amirligi hukmdorlari saroy va chorbogʻlari haqida:

Hukmdorlar saroyda dam olish uchun aʼyonlari bilan birga kelgan. Qarshi, Shahrisabz, va Buxoro tumanlarda ham xos joylar bisyordir. Har xil chorbogʻlar yasatilgan va qasrlar boshqa joylarda ham bor[8].

Sadriddin Ayniy oʻzining „Esdaliklar“ida Shirbudun saroyi va chorbogʻi toʻgʻrisida shunday yozgan:

Shirbadandagi asosiy saylgoh amir chorbogʻi oldidan oʻtadigan katta yoʻlning ikki tomonida joylashgandi. Shahardan borayotganda chap tarafda atrofi devor olingan maydon bor edi, uni chil tanobi deyishardi, uning katta darvozasi bor. Bu oʻrab olingan maydonda jome masjidi, chavki (bazm maydonlari) va tomoshaxonalar joylashgandi, maydonning bundan boʻlak joylarini qassoblar va oshxonalar egallagan. Bu maydonning oxiridan darvoza orqali katta yoʻlga chiqilardi, bu yerning janub tarafida amir bogʻining darvozaxona yoʻli va bogʻ darvozasi tomonda ayvon boʻlardi, mazkur yerni xalq ahli tomosha qilardi[9].

Shirbudun saroyiga Yevropadan mebellar, qandillar va boshqa jihozlar keltirilgan. Amir Muzaffarxondan keyingi hukmdor Amir Abdulahadxon davrida saroyni qurish bilan bogʻliq faoliyat davom ettirilgan. Buxoro amiri Amir Abdulahadxon davrida majmuada bir nechta saroy xonalari va koʻngilochar zal qurilgan[2].

Majmua 1920–1924-yillarda Buxoro Xalq Sovet Respublikasining Ziroat nozirligi ixtiyoriga oʻtkazilgan[10][11]. Shirbudun saroyi va bino oʻrni bugungi kunga qadar saqlanib qolmagan. Saroy hududida bogʻ yangidan barpo etilgan va 1960-yillarda bogʻ hududida Buxoro viloyati suv xoʻjaligi binosi qurilgan. SSSR qulab Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng, bogʻdagi ushbu bino mahalla fuqarolar yigʻiniga topshirilgan[11].

Meʼmorchiligi[edit | edit source]

Shirbudun saroyidagi amir taxti oʻrnatilgan zal. Prokudin Gorskiy tomonidan olingan rangli surat. XX asr boshlari.

Shirbudun saroyi devorlari balandligi 10 metr boʻlib, u aylana shaklidagi paxsa devor bilan oʻrab olingan. U boshqa saroylar singari, tekis tomlar, atirgul butalari, mevali daraxtlar, ajoyib bogʻlardan tarkib topgan. Majmua binolarining bir qismi yogʻoch, bir qismi esa gʻisht bilan qurilgan[4].

Shirbudun saroyi bir qancha kichik arab-fors uslubida bezatilgan xonalardan iborat boʻlgan. Baʼzi xonalar devoriy suratlar bilan bezatilgan. Saroy xonalarida medalyonlar ichidagi naqqoshlik namunalari sharq uslubida bezatilgan. Shuningdek, oynali xona ham mavjud boʻlib, uning balandligi 4 arsh, devorlari esa hoshiyasiz oynalar bilan oʻralgan. Xonaga fransuz gilami toʻshalgan va shiftida fransuz bronzasidan ishlangan qandil osilgan. Saroy xonasi oʻrtasidagi gumbaz arab uslubidagi naqshlar bilan bezatilgan va oltin suvi yuritilgan[12].

Saroyda bir nechta hovlichalar markazida oq marmardan favvorali hovuzlar boʻlgan[13]. Qarorgohda amirning elchilarni kutib olishi uchun qabulxonasi boʻlib, turli nashqlar bilan bezatilgan va jihozlangan, xona balkoni esa yogʻoch ustunlar bilan oʻralgan. Qabulxonaning toʻrida amir taxti joylashgan boʻlib, bu taxt Rossiya imperatori tomonidan sovgʻa qilingan. Barcha xonalarga qimmatbaho gilamlar toʻshalgan[4].

Shirbudun saroyi turli xil bezaklar, xususan, yogʻochdan yasalgan ustunlar, verandalar va chiroyli balkonchalar bilan bezatilgan. Saroyda, shuningdek, haram, hovuz, hammomlar, keng gumbazli xonalar, favvoralar va ichki hovli atrofida bogʻlar boʻlgan[4].

Galereya[edit | edit source]

Manbalar[edit | edit source]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 Rempelь 1981, s. 151.
  2. 2,0 2,1 2,2 Shubinskiy 1892, s. 118.
  3. Sayfullayeva 2010, s. 9.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 Ole 1911, s. 558.
  5. Rempelь 1981, s. 63.
  6. Abdirashidov 2011, s. 233.
  7. Mirza Abdulazim Somiy 1990, s. 146.
  8. Muhammad Ali Baljuvoniy 2001, s. 36.
  9. Ayniy 1966, s. 201.
  10. Buxoro axbori 1923, s. 7.
  11. 11,0 11,1 Baqoyev 2021, s. 79.
  12. Dmitrieva-Kavkazskogo 1894, s. 93.
  13. Dmitrieva-Kavkazskogo 1894, s. 94.

Adabiyotlar[edit | edit source]

Ilmiy adabiyotlar[edit | edit source]

  • Rempelь L.I. Dalyokoe i blizkoe. Tashkent: Izdatelьsva literaturы i iskusstva imene Gafura Gulyama, 1981 — 304 bet. 
  • Sayfullayeva R, Mengliyev. Hozirgi oʻzbek adabiy tili. Toshkent: Fan va texnologiyalar, 2010 — 200 bet. 
  • Abdirashidov Z. Annotirovannaya bibliografiya Turkestanskix materialov v gazete Tarjuman, Tokio, 2011 — 232 bet. 

Tarixiy manbalar[edit | edit source]

  • Mirza Salimbek. Tarix-i Salimi (Istochnik po istorii Buxarskogo emirata). Perevod s persidskogo N. K. Norkulova. Tashkent: Akademiya, 2009 — 330 bet. 
  • Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi nofeiy. Tojik tilidan tarjima, soʻz boshi va izohlar mualliflari Sh. Vohidov, Z. Choriev.. Toshkent: Akademiya, 2001 — 122 bet. 

Esdaliklar[edit | edit source]

  • Dmitrieva-Kavkazskogo L.E. Po Credney Azii Zapiski Xudojnika. C-Peterburgʼ: Izdanie A.F. Devriena, 1894 — 116 bet. 
  • E.Markova. Rossiya vʼ Sredney Azii; Ocherki puteshestviya po Zakavkazьyu, Turkmenii, Buxarҍ, Samarkandskoy, Tashkenskoy i Ferganskoy oblastyamʼ, Kaspiyskomu moryu i Volgҍ, C-Peterburgʼ, 1901 — 531 bet. 
  • Ole Olufsen. The Emir of Bokhara and his country ; Journeys and studies in Bokhara (With a chapter on my voyage on the Amu darya to Khiva). Gyldendalske Boghanel, Nordisk Forlag Copenhagen London: William Heinemann, 1911 — 599 bet. 
  • K. Baedeker. Russia with Teheran, Port Arthur, and Peking; Handbook for travelers. C-Peterburgь: London, 1914 — 810 bet. 
  • Ayniy S. Asarlar sakkiz tomlik VII tom „Esdaliklar“ IV kism. Tojik tilidan Abdulla Xakimov tarjimasi. Toshkent: Badiiy adabiyot nashriyoti, 1966 — 240 bet. 

Ilmiy maqolalar[edit | edit source]

  • Shubinskiy P.P. Ocherki Buxarҍ // Istorichiskiy vҍstnikʼ. Tomʼ L. — C-Peterburgʼ: Tipografiya A.S.Suvorina.
  • Shirbudun saroyi ziroat nazoratiga // Buxoro axbori. — Buxoro.
  • Mirza Abdulazim Somiy. Mangʻit sultonlari tarixi yoki Buxoro xonligining inkirozi. Fors-tojik tilidan Ilxom Sultonov tarjimasi; Shark yulduzi jurnali. — Toshkent.
  • Baqoyev U. Buxoro amirining Shirbudun saroyi. „Imom Buxoriy saboqlari jurnali“. — Toshkent.